Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega

 Barchamizga ma’lumki, 1992 yil 8 dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII-chaqiriq XI-sessiyasida muhim tarixiy hujjat fuqarolarimizning asriy orzusi-erkinlik, mustaqillik, ijtimoiy adolat, milliy davlatchilik, qadriyatlarimizni tiklash, xalqimizning har tomonlama erkin va farovon yashashlarini kafolatlovchi Bosh Qonun ya’ni mustaqil O‘zbekistonimizning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilingan.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi.

O‘zbekicton Respublikasining Bosh Qomusi, yangilangan Konstitutsiyamizga to‘xtalib o‘tar ekanman, Konstitutsiya 6 bo‘lim va 27 bobdan iborat  bo‘lib, 155-moddani o‘z ichiga oladi.

Ushbu qonunimiz 4 ta asosiy prinsipdan iborat bo‘lib, Konstitutsiya qonunlarning ustunligini va insonlarning turli sohalardagi huquq va erkinliklarini himoya qilinishini ta’minlab kelmoqda.

Aytish joizki, har bir davlatning Konstitutsiyasi avvalo unda yashovchi xalqning irodasini, ruhiyatini, ongi va madaniyatini aks ettiradi. Shu ma’noda yangilangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston xalqining siyosiy donoligi va tafakkuri mahsulidir.

Tub mohiyati, falsafasi, g‘oyasiga ko‘ra, ilg‘or milliy va umuminsoniy qadriyatlarni O‘zida mujassam etgan Asosiy qonunimizda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i – inson degan fikr ilgari surilgani, katta tarixiy voqeadir.

Konstitutsiyamizning «Muqaddima»sida mustahkamlab qo‘yilganidek, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatimizni namoyon qilib, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan.

Shuni alohida takidlash kerakki, mustaqil davlatimiz Konstitutsiyasini yaratishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga qat’iy amal qilindi. Shuningdek, rivojlangan demokratik davlatlarning Konstitutsiya yaratish tajribasidan ijodiy foydalanildi.

Konstitutsiyada fuqurolarning ahilligi, xalqimizga xos odamiylik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat kabi fazilatlar O‘z aksni topdi. Qardoshlik va do‘stlik an’analari, xalqlarning o‘zaro totuvligi va qO‘shnichiligi prinsiplari ham unda muhim o‘rin tutadi.

Asosiy qonunimizning eng muhim xususiyati shundaki, unda insonni ulug‘lash, uning erkin ravnaq topishi uchun real shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Konstitutsiyamizning IX-bobida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar kafolatlangan bo‘lib, 41-53-moddalarini o‘z ichiga oladi.

         Yangilangan Konstitutsiyada aholi o‘zining barcha imkoniyatlariga ega bo‘lish g‘oyasi yotadi. Ya`ni 47-moddada “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi”. Ko‘rinadiki, shaxsni uy-joyga bo‘lgan huquqi sud orqali himoya qilinadi va kompensatsiya bilan bog‘liq masalani o‘z ichiga oladi.

       Taʼkidlash kerakki, uy-joyga bo‘lgan huquqni taʼminlash sud tomonidan taʼminlanadi. Shaxs sudga shikoyat qilishi va sud tomonidan unga o‘sha kompensatsiya belgilanishi nazarda tutiladi. Bunda kompensatsiya mutanosib kerakligini, ya’ni o‘sha uy-joy narxiga mutanosib bo‘lishi kerakligi juda muhim ahamiyatga ega. 

       Amaldagi qonunchilikda mazkur holat belgilangan bo‘lsa-da, nima uchun aynan Konstitutsiyaga kiritildi? degan savol tug‘iladi. Bilamizki, Konstitutsiya shunchaki o‘zgartirib bo‘lmaydigan asosiy qonun va bu qonunda shaxsning uy-joyga oid asosiy huquqlari va uni himoya qilish protsedurasining, asosiy qoidalarining belgilanishi va mazkur huquq doimiy tarzda hech qanday o‘zgarishsiz qolishini anglatadi. Bu esa shaxsning davlatga bo‘lgan ishonchi va albatta, Konstitutsiyani o‘rganishga bo‘lgan intilishini ham kuchaytiradi. Bu esa huquqiy-ijtimoiy davlat qurishdagi eng muhim qoida hisoblanadi.

       Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur o‘zgartirishlar jamiyatimizning og‘riqli nuqtalaridan biriga aylangan “snos” muammosiga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim ekanini tasdiqlaydi. 

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Paxtakor tuman sudining raisi U.Sattarov