Oila – muqaddas dargoh

Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi” deya qayd etilgan. 76-moddasida esa, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, u jamiyat va davlat muhofazasida ekani, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi ta’kidlangan.

Shuningdek, oilaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, ushbu muqaddas go‘shani turli xil illatlardan muhofaza qilish maqsadida 2023 yil 11 aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun asosida Jinoyat kodeksi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” deya nomlangan 126-1-modda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks esa, xuddi shu nomdagi 59-2-modda bilan to‘ldirildi.

Albatta, ushbu qonun hujjatlarining amalga joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — oila muhofazasini kuchaytirish, er va xotin zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirishdan iborat.

Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi.

Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.

Abu Dardo roziyallohu anhu ayoliga shunday degan: “G‘azabim kelganda meni rozi qilishga urun, sening g‘azabing kelganda men seni rozi qilishga urunay. Aks holda birga yashay olmaymiz”.

Hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Gohi shodlik, gohi g‘am deganlariday oilada er va xotin o‘rtasida ham turli sabablar ila kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirmoqlik oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi. Shuni aytib o‘tish joizki, er xotinining bir yomon xulqidan norozi bo‘lsa, uning boshqa yaxshi tomonlari ham bor ekanligini unutmasin. Ayol ham o‘rni kelganda g‘azabini yutishi, garchi yoqmasada, oilaviy hurmat yuzasidan ba’zi narsalarga chidashga odatlanishi lozim. Ma’naviy jihatdan bir-biriga sabr qilish lozim bo‘lganiday, moddiy jihatdan ham qanoatli va sabrli bo‘lish juda muhimdir.

Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa, erning mavqeiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi, balki el-yurt, mahalla-ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi.

Ma’lumki, oilaning mustahkamligi avvalo er va xotinning ahil-inoqligi, zimmalaridagi mas’uliyat va majburiyatni nechog‘lik chuqur anglashiga bog‘liq. Albatta, farzandlar kamoli, o‘zlarining tinchlik-xotirjamligini o‘ylagan har bir er va xotin avvalo oilaga e’tibor bilan munosabatda bo‘ladi, o‘tkinchi nizo va gina-qudratlarni aql bilan yengib o‘tishga intiladi. Oilani asrab­avaylash, oila a’zolarining bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi zamirida jamiyatning tinchlik-totuvligi, farzandlar kamoli, bir so‘z bilan aytganda, insonning o‘zligi mujassam ekanini unutmaylik.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Paxtakor tuman sudining raisi T.Xakimov