Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish

Ushbu jinoyatning ijtimoiy xavfliligi shundaki, diniy mazmundagi materiallarning qonunga xilof yoki nazorat qilinmagan muomalasi davlatning ijtimoiy xavfsizligi, xususan, davlat tomonidan chet elda chop etilgan diniy adabiyotlar va boshqa diniy mazmundagi axborot materiallarini ishlab chiqarish va tarqatish ustidan nazorati, shuningdek, rasmiy diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv fanlarining o‘z vakolatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyati bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Undan tashqari diniy mazmundagi materiallarning g‘ayriqonuniy ravishda tayyorlanishi, saqlanishi va ularni tarqatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi diniy ekstremizm, fundamentalizm va separatizm, shuningdek, ularning yangi ko‘rinishi bo‘lgan nolegal diniy faoliyat (prozelitizm, ya’ni bir konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga o‘tkazishga qaratilgan faoliyat, boshqa missionerlik faoliyati)ning vujudga kelishi va rivojlanishini xavfini tug‘diradi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda bunday voqealar tobora ko‘proq ro‘yxatga olinmoqda va ularning ijtimoiy xavfliligi ortib bormoqda.

         O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, diniy e’tiqodni mamlakatimizda yashayotgan har qanday shaxsga qaysi dinga kirishini erkin tanlash va unga e’tiqod qilish huquqini amalga oshirishi uchun imkon yaratilgan. Boshqa shaxslarning da’vati yoki tashviqotlari natijasida qaysi bir dinga amal qilishlari fuqarolarning bunday huquqlariga putur yetkazadi. Ayniqsa, diniy mazmundagi adabiyotlarni noto‘g‘ri targ‘ib qilish, ularni g‘ayriqonuniy ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish bilan bog‘liq qilmishlar fuqarolarning vijdon erkinliklari bilan bog‘liq huquqlarining erkin amalga oshirilishiga jiddiy zarar yetkazadi.

         O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, har bir shaxs erkin e’tiqod qilish huquqiga ega bo‘lib, shaxsni qandaydir dinga kirishga da’vat qilish, tashviqot qilish taqiqlanadi.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga binoan diniy mazmundagi materiallar diniy ta’limotning aqidaviy asoslarini, tarixini, diniy ta’limot mafkurasini va sharhlarni, turli diniy ta’limotlarning marosimlar o‘tkazish amaliyotini, shuningdek alohida shaxslarning, tarixiy faktlar va hodisalarning diniy nuqtai nazardan bahosini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar, boshqa bosma nashrlar, belgilar, predmetlar, ramzlar, audiovizual asarlar (tele-, kino- va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozuvlari, multfilmlar va boshqalar), elektron axborot tashuvchilardan (disketlar, CD, DVD disklari, o‘rnatilgan va yechib olinadigan xotira kartalari, Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan materiallar va boshqalar) iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

            Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

          Shunga asosan, har qanday boshqa tashkilotlarning yoki jismoniy shaxslarning tarqatish maqsadida diniy mazmundagi har qanday materiallarni tayyorlash, saqlash O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatishlari g‘ayriqonuniy hisoblanadi.

         Jinoyatning ob’ektini aynan har qanday shaxslarning erkin e’tiqod qilish huquqlari tashkil etadi va diniy mazmundagi  narsalarni qonunga xilof tarzda tayyorlash, tarqatish yoki respublika hududiga olib kirish jamoat xavfsizligiga ham tahdid soladi.

         Jinoyatning bevosita obek’ti O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish qoidalariga rioya qilish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlardir. Bu holda jamiyatdagi normal ma’naviy muhit, fuqarolarning ma’naviy va jismoniy sog‘lig‘i  fakultativ ob’ekt bo‘lishi mumkin.

         Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish mumkinki, qilmishning predmeti diniy mazmundagi materiallar, ya’ni diniy maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, diniy adabiyotlar va diniy mazmundagi boshqa axborot materiallari hisoblanadi.

         Diniy mazmundagi materiallar deganda, turli xildagi diniy adabiyotlar (kitob, qo‘lyozma, risola va h.k), diniy varaqa va plakatlar, diniy mazmundagi video, audio kassetalar, disklar va h.k.larni tushunish lozim.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 6-bo‘limida jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar belgilangan bo‘lib, 2443-moddasida “Diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan  jazolanishi belgilangan.

 

 

Jizzax viloyat sudi sudyasi;                                                             S.Ergashev

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Paxtakor tuman sudi raisi                                                               U.Sattarov