Bezorilik jinoyati haqida

Bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘liq holda sodir etiladi.
Bir shaxs tomonidan bezorilik zamirida boshqa shaxsning badaniga yengil darajada shikast yetkazilishi bezorilik jinoyati xisoblanadi.
Bezorilik jinoyati aksariyat hollarda mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop yoxud kishining aql idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida sodir etiladi.
Har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir, shu jumladan bezorilik jinoyatigahamdir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasida “Bezorilik” jinoyati uchun jazo choralari belgilab qo‘yilgan.
Jumladan; Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Bezorilik: a) badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib; b) bir guruh shaxslar tomonidan; v) sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab; g) o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan; d) yosh bola, qariya, nogiron yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xo‘rlab; ye) ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bo‘lsa, – uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bezorilik: a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab; v) ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda; g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa, – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat uchun jazo qo‘llashdan ko‘ra uni sodir etilishini oldini olish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun huquqni muhofaza qilish organlari va mahalla mutasaddilari hamkorlikda hududlarda fuqarolar bilan davra suhbatlari o‘tkazish, turli jinoyatchiliklarning salbiy oqibatlari haqida ma’ruzalar va videoroliklar namoyish etib borishi maqsadga muvofiqdir.


Muxammadi Jo‘rayev Muxitdinovich

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining raisi