Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari salbiy oqibatlari

“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof muomila qilish jinoyatlari tushunchasi, salbiy oqibatlari”
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish deganda, ularni Oʼzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shart va tartibni buzgan holda Oʼzbekiston Respublikasiga olib kirish (olib chiqish), tranzit tarzida oʼtkazish, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, tashish, joʼnatish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ulardan foydalanish va ularni yoʼq qilish, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddasi boʼlgan oʼsimliklarni yetishtirish tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar oʼtkazish maqsadini koʼzlamay oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʼnatish uchun aybdorlar barcha hollarda maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar. Аgar mazkur harakatlar oʼtkazish maqsadini koʼzlab sodir etilsa, qilmish JKning 273-moddasining birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzda oʼtkazish deganda, ularni Oʼzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan qonunda belgilangan tartibni buzgan holda olib oʼtish tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash deganda, shaxsning bunday vosita va moddalarga qonunga zid ravishda egalik qilishi (shu jumladan shaxsan isteʼmoli) bilan bogʼliq qasddan sodir etilgan harakatlari (yonida, binoda, maxfiy yer va boshqa joylarda saqlashi) tushunilishi lozim. Bunda shaxs qancha vaqt davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda berish, realizatsiya qilish, taqsimlash deganda, bunday faoliyat turi uchun litsenziyasi mavjud boʼlgan dorixona yoki davolash-profilaktika muassasasi xodimining bunday vosita yoki moddalarni belgilangan tartibni buzgan holda jismoniy yoki yuridik shaxsga berishda ifodalangan qasddan sodir etilgan harakatlari tushuniladi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda olish deganda, ularni har qanday usulda, jumladan, sotib olish, hadya yoki bajarilgan ish, koʼrsatilgan xizmat yoinki qarzni uzish evaziga oʼzaro hisob-kitob, shuningdek, boshqa tovar va ashyolar bilan almashtirish sifatida qabul qilish, topib olganda oʼzlashtirish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar roʼyxatiga kiritilgan yovvoyi oʼsimliklar yoki ularning qismlarini terish, tarkibida giyohvandlik vositasi boʼlgan ekinlar yigʼishtirilgandan soʼng qoʼriqlanmay qolgan maydonlardan ularning qoldiqlarini terish hisoblanishi lozim.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tashish deganda, ularni har qanday transport turidan yoki tashish vositasi sifatida qoʼllanilgan qandaydir obʼektdan foydalangan holda bir joydan boshqa joyga, shu jumladan, bir aholi punkti doirasida koʼchirish, shuningdek, qayd etilgan vosita va moddalarni bunday faoliyat turi bilan shugʼullanishga litsenziyasi boʼlgan yuridik shaxslarning masʼul shaxslari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda tashish tushunilishi lozim.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda joʼnatish deganda, shaxsning pochta aloqasi, havo yoki boshqa transport turidan foydalanib, ularni pochta joʼnatmalari, posilkalar yoki yuk (bagaj) sifatida, shuningdek, oʼzi bevosita ishtirok etmagan holda boshqa shaxs orqali qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan holda koʼchirishga qasddan qaratilgan harakatlari tushunilishi lozim. Qonunga xilof ravishda ishlab chiqish deganda, yangi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunchilikda belgilangan tartibni buzgan, yaʼni bunga davlat buyurtmasi va mazkur faoliyat turi uchun litsenziyasi boʼlmagan holda ishlab chiqishga qasddan qaratilgan harakatlar tushunilishi lozim.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish deganda, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikni buzgan holda oʼsimliklar, kimyoviy va boshqa moddalardan seriyalab olishga qasddan qaratilgan harakatlar (masalan, maxsus kimyoviy yoki boshqa uskunalardan foydalangan holda, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni shu maqsadlarga moslashtirilgan binolarda ishlab chiqarish, ularni guruhlab, qadoqlab ishlab chiqarish) tushunilishi lozim. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash deganda, qonunchilikni buzgan holda tarkibida giyohvandlik moddasi boʼlgan oʼsimliklardan, dorivor, kimyoviy va boshqa moddalardan foydalanish yoki isteʼmol qilishga tayyor bir yoki bir necha giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar olinishi tushunilishi lozim.Tarkibida giyohvandlik moddasi boʼlgan oʼsimliklarni maydalash, quritish, uvalash (kukun qilish), giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qoʼshimcha ishlov (bugʼlash, tozalash, haydash va sh.k.) bermay suvda eritish natijasida moddaning kimyoviy tuzilmasi oʼzgarmasligi sababli, bular giyohvandlik vositalarini tayyorlash deb qaralishi mumkin emas.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalardan qonunga xilof ravishda foydalanish deganda, qonunchilikda bunday vosita yoki moddalar bilan qonunga muvofiq muomala qilish uchun belgilangan qoida va tartibni buzgan holda sodir etilgan harakatlar tushunilishi lozim. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda yoʼq qilish deganda, bunday vosita yoki moddalarni qonunchilikda belgilangan qoida va tartibni buzgan holda yoʼq qilishga qasddan qaratilgan harakatlar tushunilishi lozim.Tarkibida giyohvandlik moddasi boʼlgan oʼsimliklarni qonunga xilof ravishda yetishtirish deganda, qonunchilikni buzgan holda bunday oʼsimliklarni ekish va yetishtirish uchun maxsus sharoit yaratish, shuningdek, ularni ekish va yetishtirish, yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish, yangi navlarini yaratish, hosildorligini va mavjud iqlim sharoitiga chidamliligini oshirish faoliyatini tushunish lozim.Yetishtirilishi taqiqlangan ekin ekish deganda, bunday ekinlar urugʼini tegishli ruxsatsiz har qanday yer maydoniga, shu jumladan, boʼsh yotgan yerlarga yoki moslashtirilgan idishlarga urugʼini sepish yoki koʼchatini oʼtqazish tushunilishi lozim. Ushbu jinoyat oʼsimlik unib chiqqan-chiqmaganligi yoki oʼsgan-oʼsmaganligidan qatʼi nazar, ekin ekilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Аybdorning harakatlari ekin maydoni oʼlchamidan kelib chiqqan holda JK 270-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi, bunda qilmishni ushbu moddaning birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun ekin maydonining oʼlchami 250 kvadrat metrdan kam boʼlishi kerak.Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish deganda, unib chiqqan yoki oʼtqazilgan koʼchatlarni ularning pishish bosqichigacha boʼlgan davr ichida parvarish qilishni tushunish kerak. Аgar shaxs yetishtirilishi taqiqlangan ekinni turli maydonlarda oʼstirayotgan boʼlsa, qilmishni kvalifikatsiya qilishda amalda ekilgan umumiy maydonlar oʼlchamidan kelib chiqish lozim.Bir shaxs tomonidan boshqasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni inʼektsiya (ukol) qilish, agar mazkur vosita yoki modda isteʼmolchining oʼziga tegishli boʼlsa va inʼektsiya uning iltimosiga koʼra qilingan boʼlsa, qonunga xilof ravishda oʼtkazish deb baholanishi mumkin emas.Аybdor tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning faqat bir qismi sotilib, qolgan qismi keyinchalik surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida aniqlansa, javobgarlik qonunga xilof ravishda oʼtkazish va qonunga xilof ravishda saqlash uchun alohida-alohida (agar mazkur vosita va moddalarni oʼtkazishga nisbatan qasd aniqlanmagan boʼlsa), ularning miqdoriga bogʼliq ravishda kelib chiqadi. Аgar shaxs giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni oluvchiga, aslida mazkur vosita yoki moddalarning egasi boʼlgan boshqa shaxsning iltimosi (topshirigʼi) boʼyicha bersa, ularni berayotgan shaxsning harakatlari, basharti u berilayotgan narsaning xususiyati toʼgʼrisida aniq bilish boʼlsagina, mazkur vosita, moddalarni qonunga xilof ravishda oʼtkazishda birgalikdagi bajaruvchi sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.Bangixonani tashkil qilish deganda, (JK 273-moddasining toʼrtinchi qismi), uni tuzishga qasddan qaratilgan harakatlar, masalan, turar-joy yoki noturar-joy qidirish, sotib olish yoki ijaraga olish, uni taʼmirlash, har xil uskunalar bilan jihozlash ishlarini moliyalash va keyinchalik bir necha shaxs tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni isteʼmol qilish yoki tarqatish uchun foydalanish maqsadida sodir etilgan shunga oʼxshash harakatlar tushunilishi lozim. Bangixonani tashkil etish jinoyati uni tuzishga qaratilgan har qanday harakat sodir etilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Bangixona saqlash deganda, uning ishlab turishiga qaratilgan, yaʼni giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilish uchun ajratilgan va (yoki) moslashtirilgan joydan maqsadli foydalanish, binodan foydalanish bilan bogʼliq xarajatlarni toʼlash boʼyicha qasddan sodir etilgan harakatlar (ijara haqini toʼlash, mijozlar qatnovini tartibga solish, qoʼriqlashni taʼminlash va h.k.) tushunilishi lozim. Qonun mazmuniga koʼra, bangixona saqlash jinoyati faqat bunday joydan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni isteʼmol qilish yoki tarqatish uchun haqiqatda foydalanilgan boʼlsagina, tugallangan hisoblanadi. Bunda aybdor gʼaraz yoki boshqa maqsadni koʼzlaganligi ahamiyat kasb etmaydi.Giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilishga jalb etish deganda, shaxsda ularni isteʼmol qilish maylini uygʼotishga qaratilgan har qanday qasddan qilingan harakatlar (koʼndirish, tavsiya qilish, maslahat berish va sh.oʼ.), shuningdek, taʼsir oʼtkazilayotgan shaxs tomonidan bunday vosita yoki moddalar isteʼmol qilinishi maqsadida aldash, tahdid qilish, jismoniy zoʼrlik ishlatish, ozodligini cheklash va hokazolar tushunilishi lozim. Jinoyatni tugallangan deb topish uchun jalb etilayotgan shaxs giyohvandlik vositasi, psixotrop yoki aql-idrokiga taʼsir etuvchi boshqa moddani haqiqatan ham isteʼmol qilgan boʼlishi talab etilmaydi. Bunday hollarda, aybdorning boshqa jinoyat tarkibini tashkil etuvchi harakatlari JK tegishli moddasi bilan alohida kvalifikatsiya qilinadi.Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish shaxs tomonidan ham qasddan, ham ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin. Bunda mazkur jinoyat tarkibi mavjudligini aniqlash uchun shaxs tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni, bunday vositalar yoki moddalarni ishlab chiqishda foydalaniladigan va alohida nazoratda turadigan uskuna va jihozlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, taqsimlash, tashish, joʼnatish, olish, foydalanish, olib kirish, olib chiqish yoki yoʼq qilish qoidalari buzilganligini aniqlash zarur.

Jinoyat ishlari boʼyicha Paxtakor tuman sudi raisi U.B.Sattarov