HECH KIM SUDNING VA QONUNGA ZID TARZDA QARORISIZ UY-JOYIDAN MAHRUM ETILMAYDI
O‘tgan bir necha yil davomida “uy-joyni buzish”, “snos” degan gaplar ko‘pchilik yurtdoshlarimizni boshiga tushgan bo‘lsa ajab emas. Masala shu darajada jiddiy tus olganidan Prezidentning 2021-yildagi inauguratsiya maʼruzasida ham alohida e`tibor qaratilib, shaxsiy mulkka bo‘lgan huquq uchun sud himoyasini kuchaytirish zarurligi taʼkidlangandi.
Shu jihatdan uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi, shuningdek, mamlakatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash davlatning muhim vazifasiga aylanmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyada aholi o‘zining barcha imkoniyatlariga ega bo‘lish g‘oyasi yotadi. Ya`ni 47-moddada “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi”. Ko‘rinadiki, shaxsni uy-joyga bo‘lgan huquqi sud orqali himoya qilinadi va kompensatsiya bilan bog‘liq masalani o‘z ichiga oladi.
Taʼkidlash kerakki, uy-joyga bo‘lgan huquqni taʼminlash sud tomonidan taʼminlanadi. Shaxs sudga shikoyat qilishi va sud tomonidan unga o‘sha kompensatsiya belgilanishi nazarda tutiladi. Bunda kompensatsiya mutanosib kerakligini, ya’ni o‘sha uy-joy narxiga mutanosib bo‘lishi kerakligi juda muhim ahamiyatga ega.
Amaldagi qonunchilikda mazkur holat belgilangan bo‘lsa-da, nima uchun aynan Konstitutsiyaga kiritildi? degan savol tug‘iladi. Bilamizki, Konstitutsiya shunchaki o‘zgartirib bo‘lmaydigan asosiy qonun va bu qonunda shaxsning uy-joyga oid asosiy huquqlari va uni himoya qilish protsedurasining, asosiy qoidalarining belgilanishi va mazkur huquq doimiy tarzda hech qanday o‘zgarishsiz qolishini anglatadi. Bu esa shaxsning davlatga bo‘lgan ishonchi va albatta, Konstitutsiyani o‘rganishga bo‘lgan intilishini ham kuchaytiradi. Bu esa huquqiy-ijtimoiy davlat qurishdagi eng muhim qoida hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur o‘zgartirishlar jamiyatimizning og‘riqli nuqtalaridan biriga aylangan “snos” muammosiga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim ekanini tasdiqlaydi.
Quvondiq MAMARAHIMOV,
Jinoyat ishlari boyicha Zarbdor tumani sudi raisi