ODAM SAVDOSI – ASR JINOYATI
Insonning mustaqil hayot kechirishi – asosiy erk hisoblanishi barchamizga ma’lum. Afsuski butunjaxon mamlakatlari rivojlanayotgan bir davrda inson havsizligiga jiddiy tahdid soluvchi omillar ham yo‘q emas. Ushbu omillarni bartaraf etish, ommalashib ketayotgan ijtimoiy xavfli qilmishlarning oldini olish choralari ko‘rilayotgan bo‘lsa-da insonlar huquqlariga, ba’zi hollarda hayotiga ham zarar yetkazuvchi holatlar davom etayotgan bu qilmishlarning biri odam savdosi hisoblanadi.
Hozirgi kunda barcha mamlakatlarda odam savdosiga qarshi kurashish choralari ko‘rilib kelinmoqda. Shu qatorda mamlakatimizda ham odam savdosiga qarshi kurashish, mazkur turdagi jinoyatlarni oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida yurtimizda turli hil normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinishi inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari, shu bilan birga mamlakatda odam savdosiga qarshi kurashish chora-tadbirlari qay darajada ekanligini ko‘rsatib o‘tishi barchamizga ma’lum.
Odam savdosiga qarshi kurashishni samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 17 avgustida “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”ga O‘RQ-633-sonli Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsad va vazifasi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qonunga ko‘ra, odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni anglatishi bayon qilingan.
Shuningdek, qonunda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida davlat siyostining asosiy yo‘nalishlari va mazkur sohadagi printsiplar haqida aytib o‘tilgan.
Bundan ko‘rinadiki, inson hayotiga, uning huquq va erkinliklariga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday zo‘rlik jinoyat sifatida qaralishi, buning natijasi va oqibati jiddiy jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi har qanday mamlakat qatori davlatimiz tomonidan ta’kidlangan va normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlanib o‘tilgan.
Shomurod Begmatov
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi raisi