OILADAGI MAISHIY ZO‘RAVONLIK UCHUN QANDAY JAVOBGARLIK BOR?
Ma’lumki, har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida muvofiq, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.
Ayniqcha bu borada 2023 yilning 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonun ham xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga zamin yaratadi.
Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksiga yangi 1261 –modda kiritildi. Unga ko‘ra, 1261-modda. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik:
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sud raisi
Mamaraximov.Q,Q