O’z farzandini sotganlar qamaldi

Bugungi kunda xalqaro miqyosda barchani o’ylantirayotgan muammolardan biri, shubhasiz, odam savdosi jinoyati va uning oqibatlaridir. Ushbu jinoyatga qarshi samarali kurash olib borilmas ekan, xavfning ko’lami yanada kengayib boraveradi.

  Sir emas, odam savdosining global biznes turiga aylanishida xalqaro jinoiy guruhlarning ushbu faoliyatni daromad manbaiga aylantirib olgani asosiy omil bo’lmoqda.

         Huddi shunday jinoyatni sodir etgan hikoyamiz qahramoni N.G’. Sharof Rashidov tumani, Uchtepa mahallasi, Paxtakor ko’chasi, raqamsiz uyda yashab kelib, shar’iy nikoh asosidagi turmush o’rtog’i A.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo’lishib, odam savdosi orqali moddiy manfaatdor bo’lish maqsadida, 2024 yil 18 yanvarda tug’ilgan farzandi A.O. qizini o’n sakkiz yoshga to’lmaganligini bila turib, uni Sharof Rashidov tumani, Uchtepa mahallasi, Paxtakor ko’chasi, 19-uyda yashovchi X.A.ga 4.000 AQSH dollari va 80 mln. so’m pul evaziga sotishga kelishib, 2024 yil 09 fevral kuni soat 13:00larda, Sharof Rashidov tumani, Qahramon mahallasi hududida joylashgan “Ulfatlar” nomli choyxonada chaqaloqni X.A.ga sotib, kelishilgan pullardan 80 mln. so’mni olgan vaqtlarida Sharof Rashidov tumani IIB JQB xodimlari tomonidan o’tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlanib, ulardan 80 mln. so’m miqdordagi pullar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

         Dastlabki tergov organi tomonidan ayblanuvchilarga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi ko’rib chiqish uchun sudga yuboriladi.

Jinoyat ishlari bo’yicha Arnasoy tuman sudining raisi L.Obidovning raisligida jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko’rib chiqilib, o’ta og’ir jinoyatni sodir etgan sudlanuvchilar N.G’. va A.B.lar O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Xatto ongsiz mavjudotlar ham qiyin vaziyatga tushsa-da, o’z bolasidan voz kechmaydi, lekin Hazrati inson tomonidan bu kabi jinoyatning sodir etilishi hech bir narsa bilan oqlab bo’lmaydigan holdir. 

Yuqoridagi jinoyatni yoritishdan maqsad jamiyatda odam savdosiga oid jinoyatlarga murosasizlik muhitini yaratish, voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, bu holatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo’yish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish, odam savdosi jinoyatining sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko’rish lozim bo’ladi.

 

Lazizbek OBIDOV

Jinoyat ishlari bo’yicha

Arnasoy tuman sudining raisi