KONSTITUTSIYA – INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINI KAFOLATLAYDI

Mamlakatimiz mustaqilikka erishgandan so‘ng bosib o‘tilgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Bu boradagi yutuqlarimizni eng avvalo Konstitutsiya bilan bog‘lashimiz bejiz emas albatta, asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar davomida orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklarini kafolatlarini belgilab berdi.
Konstitutsiya asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. O‘zbek xalqining milliy qadriyatlari umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirilib, mushtarkalik kasb etganligi uchun ham Asosiy Qonunimiz mamlakatda ro‘y berayotgan barcha jarayonlarga hayotbaxsh ta’sir o‘tkazib kelmoqda.
Konstitutsiya O‘zbekistonni dunyoviy demokratik davlat sifatida tanitdi. Unda ko‘p millatli xalqimiz, davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi e’tirof etilgan. Inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat deb tan olingan va har taraflama kafolatlangan.
Konstitutsiya haqida fikr yuritar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda Vatan, millat, o‘zlik, tarix va ayni paytda bugunimiz hamda kelajagimiz yaqqol gavdalanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 44-moddasida sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi, shuningdek, bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qo‘yildi.
Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish – Bosh Qomusimizning asosiy maqsadi. Bugun mamalakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning zamirida ham inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam.
Salim BOTIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining raisi.